Авторизация
 

Fuqaro murojaati

Navbahor tumani XTMFMT va TEBda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi to'g'risidagi
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom "Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasining Qonuniga (bundan buyon matnda Qonun deb yuritiladi) muvofiq tuman xaq ta'limi muassasalari faoliyatini metodik ta'minlash va tashkil etish ta'limi bo'limida (bundan buyon matnda bo'lim deb yuritiladi) hamda tizimidagi muassasalarda (bundan buyon matnda muassasa deb yuritiladi) jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari (bundan buyon matnda murojaat deb yuritiladi) bilan ishlash tartibini belgilaydi.
2. O'zbekiston Respublikasi va xorijiy davlatlarning jismoniy va yuridik shaxslari, fuqaroligi bo'lmagan shaxslar bo'lim va muassasalarga ushbu Nizomga muvofiqmurojaat etish huquqiga ega.
3. Ushbu Nizomning amal qilishi:
ko'rib chiqish tartibi ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi, fuqarolik prosessual, jinoyat-prosessual, jinoyat-ijroiya, xo'jalik prosessual qonun hujjatlari va boshqa qonunlar bilan belgilangan murojaatlarga;
bo'lim, muassasalarning, shuningdek ular tarkibiy bo'linmalarining o'zaro yozishmalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
4. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo'llaniladi:
ariza – huquqlarni, erkinliklarni va qonuniy manfaatlarni amalga oshirishda yordam ko'rsatish to'g'risida iltimos bayon etilgan murojaat;
taklif – davlat va jamiyat faoliyatini takomillashtirishga doir tavsiyalarni o'z ichiga olgan murojaat;
shikoyat – buzilgan huquqlarni, erkinliklarni tiklash va qonuniy manfaatlarni himoya qilish to'g'risidagi talab bayon etilgan murojaat;
anonim murojaat – jismoniy shaxsning familiyasi (ismi, otasining ismi), uning yashash joyi to'g'risidagi ma'lumotlar yoki yuridik shaxsning to'liq nomi, uning joylashgan joyi (pochta manzili) to'g'risidagi ma'lumotlar ko'rsatilmagan yoxud ular haqida yolg'on ma'lumotlar ko'rsatilgan, shuningdek imzo (elektron raqamli imzo) bilan tasdiqlanmagan murojaat:
murojaatning dublikati – aynan bir jismoniy yoki yuridik shaxsning bir xil mazmundagi murojaatining nusxasi;
takroriy murojaat – avvalgi murojaatlar bo'yicha qabul qilingan qaror yuzasidan shikoyat qilingan yoki boshqacha tarzda norozilik bildirilgan, shuningdek, agar takroriy murojaat kelib tushgan paytda ko'rib chiqishning qonun hujjatlarida belgilangan muddati tugagan bo'lsa, avvalgi murojaat o'z vaqtida ko'rib chiqilmaganligihaqida xabar qilingan, aynan bir jismoniy yoki yuridik shaxsdan kelib tushgan murojaat;
elektron murojaat – elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan va elektron hujjatning uni identifikasiya qilish imkonini beradigan boshqa rekvizitlariga ega bo'lgan elektron hujjat shaklidagi murojaat.
5. Murojaatlar og'zaki yoki yozma yoxud elektron shaklda berilishi mumkin.
Bo'lim va muassasalarning "ishonch telefoni”ga kelib tushgan murojaatlar og'zaki murojaat sifatida mazkur Nizomda belgilangan tartibda qayd etiladi, ro'yxatga olinadi va ko'rib chiqiladi.
Bo'lim va muassasalarning rasmiy veb-sayti orqali yoki muassasa va tashkilotlarning rasmiy elektron pochta manziliga kelib tushgan murojaatlar elektron murojaatlar tarzida qayd etiladi va ushbu Nizomda belgilangan tartibda ko'rib chiqiladi.
O'zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (Hukumat portali) orqali kelib tushgan murojaatlar elektron murojaatlar tarzida qayd etiladi va Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 30 dekabrdagi 378-son qarori bilan tasdiqlangan O'zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali to'g'risidagi nizom talablari hisobga olingan holda ushbu Nizomda belgilangan tartibda ko'rib chiqiladi.
6. Murojaatlar arizalar, takliflar va shikoyatlar tarzida bo'lishi mumkin.
Jismoniy va yuridik shaxslar yakka tartibda yoki jamoa bo'lib murojaat etishlari mumkin.
7. Murojaatlar davlat tilida va boshqa tillarda berilishi mumkin.
8. Jismoniy shaxsning murojaatida uning familiyasi (ismi, otasining ismi), yashash joyi to'g'risidagi ma'lumotlar va murojaatning mohiyati bayon etilgan bo'lishi kerak.
Yuridik shaxsning murojaatida yuridik shaxsning to'liq nomi, uning joylashgan joyi (pochta manzili) to'g'risidagi ma'lumotlar ko'rsatilgan va murojaatning mohiyati bayon etilgan bo'lishi kerak.
Yozma murojaat murojaat qiluvchi jismoniy shaxsning imzosi yoki murojaat qiluvchi yuridik shaxs rahbarining yoxud vakolatli shaxsining imzosi bilan tasdiqlangan bo'lishi lozim. Jismoniy shaxsning yozma murojaatini murojaat etuvchining imzosi bilan tasdiqlash imkoni bo'lmagan taqdirda, bu murojaat uni yozib bergan shaxsning imzosi bilan tasdiqlanib, uning familiyasi (ismi, otasining ismi) ham qo'shimcha ravishda yozib qo'yilishi kerak.
Elektron murojaat elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan va elektron hujjatning uni identifikasiya qilish imkoniyatini beradigan boshqa rekvizitlariga ega bo'lgan elektron hujjat shaklida bo'lishi lozim. Elektron murojaat qonunda belgilangan talablarga muvofiq bo'lishi kerak.
Jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari orqali berilgan murojaatlarga ularning vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.
9. Murojaatlarni berish muddatlari, qoidaga ko'ra, belgilanmaydi. Ayrimhollarda, agar bu bo'lim va muassasaning murojaatni ko'rib chiqish bo'yicha imkoniyatlariga, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini o'z vaqtida amalga oshirish va himoya qilishni ta'minlash zaruratiga bog'liq bo'lsa, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa asoslarga ko'ra, tegishli davlat organlariga, muassasa va tashkilotlarga murojaatni berish muddati belgilanishi mumkin.
Bo'ysunuv tartibida yuqori organga ariza yoki shikoyat jismoniy yoki yuridik shaxsga uning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini buzuvchi harakat (harakatsizlik) sodir etilganligi yoxud qaror qabul qilinganligi ma'lum bo'lgan paytdan e'tiboran uzog'i bilan bir yildan kechiktirmay beriladi.
Ariza yoki shikoyat berishning uzrli sabablarga ko'ra o'tkazib yuborilgan muddati arizani yoki shikoyatni ko'rib chiquvchi bo'lim va muassasalar tomonidan tiklanadi.
10. Bo'limning va muassasalarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash ushbu Nizomning 1-ilovasidagi sxemaga binoan amalga oshiriladi.
11. Bo'limning va muassasalarda ushbu Nizom talablariga muvofiq murojaatlar bilan ishlashda elektron hujjat aylanishi tizimini joriy qilishi mumkin.

2-bob. Murojaatlarni ko'rib chiqish tartibi
12. Bo'limning va muassasalarda murojaatlarni qabul qilish, ro'yxatga olish va ko'rib chiqish uchun yuborish, shuningdek uning ko'rib chiqilishini nazorat qilish bo'lim muassasalarning murojaatlar bilan ishlash uchun mas'ul bo'lgan tarkibiy bo'linmasi yoki mas'ul xodimi (bundan buyon matnda murojaatlar bilan ishlash bo'yicha bo'linma deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.
13. Elektron murojaatlar tushgan kunida qog'ozga bosib chiqarilishi, ish vaqti tamom bo'lgandan keyin tushgan taqdirda esa navbatdagi ish kunida qog'ozga bosib chiqarilishi kerak.
14. Yozma va elektron (qog'ozga bosib chiqarilgan) murojaatlar murojaatlarni ro'yxatga olish jurnaliga tegishli yozuvlarni kiritish, ushbu Nizomning2-ilovasi (yozma va elektron murojaat) va 3-ilovasiga (og'zaki murojaat) muvofiq shakl bo'yicha nazorat kartochkalarini to'ldirish va murojaatning birinchi sahifasi quyi o'ng qismida ro'yxatga olish shtampini qo'yish yo'li bilan murojaatlar bilan ishlash bo'yicha bo'linmada ro'yxatga olinadi.
Murojaatlarni ro'yxatga olish jurnalida murojaatning tartib raqami, murojaat qabul qilingan sana, murojaat qilgan jismoniy shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi, uning yashash joyi, yuridik shaxsning nomi, uning manzili, murojaatning qisqacha mazmuni, ijrochi etib belgilangan bo'lim va muassasa tarkibiy bo'linmasi nomi, rahbar ko'rsatmasi, sana ko'rsatilgan holda ijro etish sanasi, nazoratga olinganligi to'g'risidagi belgilar ko'rsatiladi.
Bundan tashqari mazkur jurnalda dublikat yoki murojaatlarning takroriyligi to'g'risidagi belgilar ham bo'lishi mumkin.
Takroriy kelgan murojaatlar ro'yxatga olish, nazorat varaqasining o'ng tomoni yuqori burchagiga "qayta” yoki "takroriy” degan yozuv qayd etiladi hamda avvalgi barcha yozishmaga qo'shib qo'yiladi.
Bir jismoniy yoki yuridik shaxsdan ilgari ko'rib chiqilgan masala bo'yicha kelib tushgan taklif, ariza va shikoyat agar u birinchi marta kelib tushgandan so'ng qonunda ko'zda tutilgan muddatda o'rganib chiqilmasa yoki arizachi bergan javobdan qoniqmagan bo'lsa, qayta tushgan deb hisoblanadi.
Qayd etish shtampida bo'lim va muassasaning rasmiy nomi (agar bo'lim muassasaning rasmiy nomi uzun bo'lsa, umum qabul qilingan qisqartirilgan nom yoki qisqartma ko'rsatilishi mumkin), murojaat kelib tushgan sana va qayd raqami ko'rsatiladi.
Murojaatning qayd raqami jismoniy shaxs familiyasining yoki yuridik shaxs nomining birinchi harfi va murojaatni hisobga olish ro'yxatidagi tartib raqamidan (masalan jismoniy shaxs B.Murodov murojaati M-85, yuridik shaxs "Cholovosh” MChJ murojaati Ch-58 ko'rinishida, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali kelgan murojaatlar In-58 ko'rinishida) iborat bo'ladi. Ro'yxatga olish indeksiga taklif, ariza va shikoyatlarini tartibga solish, tahlil etish va saqlanishini ta'minlashga qaratilgan boshqa belgilar qo'shimchaqilinishi mumkin.
Murojaatlarning tartib raqamlari har yil boshidan yangidan hisoblanadi.
15. Murojaat pochta orqali konvertda kelib tushganda, konvertda murojaat va uning ilovalari borligi tekshiriladi.
Konvertda murojaatning mavjud emasligi yoki uning yaroqsizlanganligi, shuningdek murojaatda ko'rsatilgan ilovalarning yo'qligi aniqlanganda, ikki nusxada dalolatnoma tuziladi, ulardan biri murojaatlar bilan ishlash bo'yicha bo'linmada qoladi, ikkinchisi murojaat qiluvchiga konvertda ko'rsatilgan manzil bo'yicha jo'natiladi.
Kelib tushgan murojaatlar konvertlari murojaat etuvchining manzilini, murojaatning jo'natilgan va olingan vaqtini aniqlash uchun saqlab qolinishi mumkin.
16. Og'zaki murojaatlar bilan kelgan jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillari bo'lim va muassasa rahbariyati, murojaatlar bilan ishlash bo'yicha bo'linmaning rahbari yoxud boshqa mas'ul xodim, shuningdek, bo'lim va muassasalar tarkibiy bo'linmalarining (bundan buyon matnda tarkibiy bo'linma deb yuritiladi) rahbarlari yoxud boshqa mas'ul xodimlari tomonidan qabul qilinadi.
Murojaatqiluvchining shaxsini tasdiqlaydiganhujjatlar tekshirilgandan keyin ushbu Nizomning 3-ilovasiga muvofiq shakl bo'yicha nazorat kartochkasi to'ldiriladi. Nazorat kartochkasi og'zaki murojaat sifatida ro'yxatga olinadi.
17. Jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillari bo'lim va muassasaga og'zaki murojaat etganda ular tomonidan taqdim qilingan yozma murojaatlar hamda boshqa materiallar qabul qilinishi va ushbu Nizomning 3-ilovasiga muvofiq to'ldirilgan nazorat kartochkasiga ilova qilinishi kerak.
18. Ro'yxatga olingan murojaatlar kelib tushgan paytidan boshlab bir ish kunidan kechikmay bo'lim boshliѓi va muassasa rahbariga, uning o'rinbosariga yoki tarkibiy bo'linma rahbariga kiritiladi, u mas'ul tarkibiy bo'linmani (xodimni) belgilagan holda murojaatni ko'rib chiqish bo'yicha rezolyusiyani (topshiriqnomani) qo'yadi.
19. Rezolyusiya (topshiriqnoma) qo'yilgan paytdan boshlab bir ish kuni mobaynida murojaatlar bilan ishlash bo'yicha bo'linma murojaatni ijro etuvchi sifatida belgilangan tarkibiy bo'linmaga (xodimga) imzo qo'ydirganholda beradi.
20. Bo'lim va muassasagaga kelib tushgan murojaatlar ish yurituviga qabul qilinishi, bo'ysunish tartibida bo'limning quyi bo'linmasiga (bundan buyon matnda quyi organ deb yuritiladi) yuborilishi yoki tegishliligi bo'yicha boshqa davlat organiga, muassasa va tashkilotlarga yuborilishi mumkin.
21. Qo'yilgan masalalarni hal etish bo'lim va muassasalarning vakolati doirasiga kirmaydigan murojaatlar besh kun muddatdan kechiktirmay bo'lim boshliѓi, o'rinbosarlari yoki muassasa va tashkilot rahbari yoxud tarkibiy bo'linmaning rahbari tomonidan imzolangan xat bilan tegishli organlarga, muassasa va tashkilotlarga yuboriladi va bu haqda murojaat qiluvchiga yozma yoxud elektron shaklda xabar qilinadi.
Murojaatni ko'rib chiqishi uchun asossiz ravishda boshqa davlat organlariga, muassasa va tashkilotlarga o'tkazish yoxud qarorlari yoki harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilinayotgan organlarga yoki mansabdor shaxslarga yuborish taqiqlanadi.
Agar murojaatlarda ularni tegishli organlarga yuborish uchun zarur bo'lgan ma'lumotlar mavjud bo'lmasa, u holda ular besh kun muddatdan kechiktirmay asoslantirilgan tushuntirish bilan murojaat qiluvchilarga qaytariladi.
22. Quyi organ tomonidan ko'rib chiqilishi kerak bo'lgan murojaatlar unga kelib tushgan kunidan boshlab besh kun muddatdan kechiktirmay xat bilan bo'lim boshliѓi va muassasa rahbari (yoxud o'rinbosari) yoki tarkibiy bo'linmaning rahbari tomonidan imzolangan topshiriq bilan birga yuborilishi, bu haqda murojaat qiluvchiga yozma yoxud elektron shaklda xabar berilishi kerak.
23. Agar murojaatda bir nechta tarkibiy bo'linmaga tegishli masalalar mavjud bo'lsa, ularning barchasi murojaatni ko'rib chiqish bo'yicha ijro etuvchilar etib belgilanadi. Ijro etuvchilar orasida birinchi bo'lib ko'rsatilgan tarkibiy bo'linma boshqa tarkibiy bo'linmalar bilan birgalikda murojaat ko'rib chiqilishini ta'minlaydi.
Rahbariyat ko'rsatmasi nazorat kartochkalarida qayd etiladi.
Rahbariyat ko'rsatmasida bir qancha ijrochilar ko'rsatilgan bo'lsa, ularning birinchisi asosiy ijrochi bo'lib, quyida turgan ijrochilar asosiy ijrochiga murojaatda ko'tarilgan masala yuzasidan tegishli ma'lumotlarni (taklif, hujjat va h.k.) taqdim etishi shart. Asosiy ijrochi esa murojaat yuzasidan umumlashtirilgan ma'lumotlar asosida murojaat qiluvchiga javob xati yuborilishini ta'minlaydi.
24. Murojaatni to'liq, xolis va o'z vaqtida ko'rib chiqish uchun qo'shimcha ma'lumotlar, ma'lumotnomalar va materiallarga zaruriyat yuzaga kelgan taqdirda murojaatni ko'rib chiquvchi tarkibiy bo'linma murojaat qilgan jismoniy yoki yuridik shaxsdan, shuningdek bo'lim va muassasaning vakolatlari doirasida belgilangan tartibda boshqa davlat organlaridan, muassasa va tashkilotlardan qo'shimcha axborotni so'rab olishi mumkin.
25. Agar murojaatda joyning o'zida o'rganishni talab etuvchi holat bayon qilingan bo'lsa, shuningdek boshqa zarur hollarda murojaatni ko'rib chiquvchi bo'lim va muassasa murojaatni joyning o'zida ko'rib chiqishni ta'minlashi mumkin. Murojaatni joyning o'zida ko'rib chiqish bo'lim yoki muassasa rahbarining topshirig'i yoki uning roziligi bilan amalga oshiriladi.
26. Murojaatni murojaat qilgan yoki boshqa shaxsning ishtirokisiz ko'rib chiqishning imkoniyati bo'lmaganda, ular bo'lim yoki muassasaning mansabdor shaxsi tomonidan chaqirilishi mumkin. Chaqirilgan murojaat qiluvchi kelmagan taqdirda, bo'lim yoki muassasaning mansabdor shaxsi murojaatni uning ishtirokisiz ko'rib chiqish mumkin emasligi to'g'risida javob yuboradi.
27. Agar murojaatda o'rtaga qo'yilgan masalalar xo'jalik yurituvchi sub'ektlar faoliyatiga daxldor bo'lsa, ularning vakillari murojaatni ko'rib chiqishda ishtirok etish uchun bo'lim yoki muassasalar tomonidan o'z vakolatlari doirasida jalb etiladi.
28. Zarur hollarda murojaatlarni ko'rib chiqish uchun bo'lim yoki muassasa va tashkilotlar tomonidan tegishli mutaxassislar jalb etilishi mumkin.
29. Murojaatlarni ko'rib chiqish natijalari bo'yicha bo'lim yoki muassasalar tomonidan tegishli qaror qabul qilinadi, bu haqda darhol yozma yoxud elektron shaklda murojaat qiluvchiga xabar beriladi.
Murojaatniqoniqtirmasdanqoldirish to'g'risidagiqarorni bo'limda – boshliќ, uning o'rinbosarlari;
tuman (shahar) ahamiyatiga molik muassasa va tashkilotlarda - rahbar qabul qiladi.
Murojaatga javob xatida murojaatda ko'rsatilgan har bir masala bo'yicha vajlarni rad etuvchi yoki tasdiqlovchi aniq asoslar (zaruriyatga qarab qonun hujjatlari normalariga havolalarqilingan holda) bo'lishi kerak.
30. Murojaatga javob xati bo'lim rahbari yoki o'rinbosarlari, muassasa va tashkilot rahbari tomonidan imzolanadi.
Murojaatlarga javob xati, mumkin qadar, murojaat etilgan tilda yoki davlat tilida bayon qilinadi.
31. Jismoniy yoki yuridik shaxslar jamoa bo'lib murojaat qilgan taqdirda, ularning murojaatlari Qonun talablariga muvofiq ravishda ko'rib chiqiladi. Bunda murojaatga javob murojaat qilganlarning ro'yxatida birinchi bo'lib ko'rsatilgan shaxsga yoki uning talabiga ko'ra, boshqa shaxsga yuboriladi.
32. Voyaga etmaganlar, muomalaga layoqatsiz va muomala layoqati cheklangan shaxslarning manfaatlarini ko'zlab, murojaatlar ularning qonuniy vakillari tomonidan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda berilishi mumkin.
33. Murojaatga u bo'yicha ilgari qabul qilingan mavjud qarorlar yoki ularning ko'chirma nusxalari, shuningdek uni ko'rib chiqish uchun zarur bo'lgan boshqa hujjatlar ilova qilinishi mumkin, mazkur hujjatlar qaytarilmaydi (murojaat etuvchi ularni qaytarish haqida yozma ariza bergan hollar bundan mustasno). Murojaat taalluqliligi bo'yicha boshqa davlat organiga yoki muassasa va tashkilotga yuborilganda, unga ko'rsatib o'tilgan hujjatlar ilova qilinishi kerak.
34. Murojaat, unda ko'tarilgan barcha masalalar Qonun talablariga muvofiq ko'rib chiqilgan va murojaat qiluvchiga tegishli javob yuborilgan taqdirda ko'rib chiqilgan hisoblanadi.
Murojaatqiluvchiga javob yuborilgan kun murojaatni ko'rib chiqish tugallangan kun hisoblanadi, bu haqda murojaatlar bilan ishlash bo'yicha bo'linma murojaatlarni qayd qilish jurnaliga va nazorat kartochkasiga belgi qo'yadi.
Oraliqjavoblar berilgan va to'liq ko'rib chiqilmagan murojaatlar ijrodan yoki nazoratdan olinmaydi.
35. Agar murojaatni ko'rib chiqish jarayonida murojaatning dublikati kelib tushsa, ushbu murojaat avval tushgan murojaat bilan birgalikda ko'rib chiqiladi hamda natijasi bo'yicha yagona javob beriladi.
Agar murojaatning dublikati murojaat ko'rib chiqilgan va javob yuborilgandan keyin kelib tushsa, u holda bo'lim yoki muassasalar murojaat qiluvchini bu haqda yozma ravishda xabardor qiladi.
36. Yuqori davlat organining nazoratida turgan murojaatlar bo'yicha murojaatni ko'rib chiqqan bo'limm yoki muassasalar murojaat qiluvchiga yuborilgan javob xatining nusxasini ilova qilgan holda murojaatni ko'rib chiqish natijalari to'g'risida yuqori davlat organiga yozma shaklda xabar beradi.
37. Jismoniy va yuridik shaxslar o'z murojaatlarini ular ko'rib chiqilgunga qadar va ko'rib chiqilayotgan vaqtda murojaat yuzasidan qaror qabul qilingungaqadar yozma yoxud elektron shaklda ariza berish orqali qaytarib olish huquqiga ega. Bunday ariza tushgan taqdirda murojaatni ko'rib chiqish to'xtatiladi va uch kun mobaynida murojaat bbo'lim yoki muassasaning xati bilan murojaat qiluvchigaqaytariladi.
Murojaatniqaytarib olish to'g'risidagi ariza bo'lim yoki muassasalar tomonidan qonun buzilishlarini aniqlash va bartaraf etish bo'yicha choralar ko'rilishini istisno etmaydi.
38. Ko'rib chiqilgan murojaatlarni va ular bilan bog'liq materiallarni saqlash murojaatlar bilan ishlash bo'yicha bo'linmada belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Murojaatni nazoratdan olish u yuzasidan to'plangan barcha hujjatlar jamlanib tikiladi hamda ustiga mazkur Nizomning 4-ilovasigamuvofiq muqova qo'yiladi.
39. Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga oid barcha hujjatlar yig'majildda bo'lim yoki muassasalarda tasdiqlangan nomenkulaturaga muvofiq tuziladi hamda xronologik yoki alfavit tartibida joylashtiriladi.

3-bob. Murojaatlarni ko'rib chiqish muddatlari
40. Ariza yoki shikoyat masalani mazmuni bo'yicha hal etishi shart bo'lgan bo'lim yoki muassasaga kelib tushgan kunidan e'tiboran o'n besh kun mobaynida, qo'shimcha o'rganish va (yoki) tekshirish, qo'shimcha hujjatlarni so'rab olish talab etilganda esa bir oygacha bo'lgan muddatda ko'rib chiqiladi.
Ariza va shikoyatlarni ko'rib chiqish uchun tekshirish o'tkazish, qo'shimcha materiallarni so'rab olish yoxud boshqa chora-tadbirlar ko'rish zarur bo'lgan hollarda, ularni ko'rib chiqish muddatlari bo'lim yoki muassasa rahbari tomonidan, istisno tariqasida, ko'pi bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin, bu haqda murojaat etuvchiga yozma xabar qilinadi.
41. Taklif bo'lim yoki muassasa va tashkilotga kelib tushgan kundan e'tiboran 
bir oygacha bo'lgan muddatda ko'rib chiqiladi, qo'shimcha o'rganishni talab etadigan takliflar bundan mustasno, bu haqda taklifni kiritgan jismoniy yoki yuridik shaxsga 
o'n kun muddatda yozma shaklda xabar qilinadi.
42. Ayrim hollarda bo'lim yoki muassasa rahbari yoki uning o'rinbosarlari murojaatlarni ko'rib chiqish muddatlarini qisqartirishlari mumkin.
43. Murojaatlar bilan ishlash muddatlari ular bo'lim yoki muassasaga kelib tushgan kundan boshlab hisoblanadi. Agar tegishli muddatning oxirgi kuni dam olish va bayram kunlariga to'g'ri kelsa, navbatdagi ish kuni muddat tugaydigan kun hisoblanadi.

4-bob. Murojaatlarni ko'rmay qoldirish
44. Quyidagi murojaatlar ko'rib chiqilmaydi:
anonim murojaatlar;
jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillari orqali berilgan murojaatlar, ularning shaxsini (vakolatini) tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo'lmagan taqdirda;
qonunda belgilangan boshqa talablarga muvofiq bo'lmagan murojaatlar.
45. Murojaatni anonim deb e'tirof etish murojaatlar bilan ishlash bo'yicha bo'linma yoki murojaatni ko'rib chiquvchi tarkibiy bo'linma tomonidan amalga oshiriladi.
Murojaat anonim deb e'tirof etilganda bu haqda xulosa tuziladi. Xulosada murojaatni anonim deb e'tirof etish uchun asoslar ko'rsatiladi. Murojaatni anonim deb e'tirof etish to'g'risidagi xulosa murojaatlar bilan ishlovchi bo'linma rahbari yoki tarkibiy bo'linma rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
Bo'lim yoki muassasalarning "ishonch telefonlari”ga tushgan murojaatlar Qonunda va ushbu Nizomda nazarda tutilgan tartibda anonim deb e'tirof etilishi mumkin.
Anonim deb e'tirof etilgan murojaatlar xulosa tasdiqlangan paytdan boshlab nazoratdan yoki ijrodan olinadi.
46. Jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillari orqali berilgan murojaatlar kelib tushganda, murojaatlar bilan ishlash bo'yicha bo'linma yoki tarkibiy bo'linma ularning vakolatlarini tasdiqlaydigan hujjatlar mavjudligini tekshiradi.
Agar murojaatda jismoniy shaxs va yuridik shaxs vakilining vakolatlarini tasdiqlaydiganhujjatlar mavjud bo'lmasa, bu haqda murojaatlar bilan ishlash bo'yicha bo'linmaning rahbari yoki tarkibiy bo'linma rahbari tomonidan tasdiqlanadigan xulosa tuziladi.
Jismoniy shaxs va yuridik shaxs vakilining vakolatlarini tasdiqlaydigan hujjatlar mavjud emasligi to'g'risidagi xulosa tasdiqlangan paytdan boshlab ushbu murojaat ko'rib chiqilmaydi, bu haqda murojaat qiluvchi yozma ravishda xabardor qilinadi.

5-bob. Jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilishni tashkil etish
47. Bo'lim yoki muassasalarda va ularning tarkibiy bo'linmalarida belgilangan kunlar va soatlarda jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish tashkil etiladi.
Jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish bo'lim yoki muassasa rahbari yoxud boshqa vakolatli shaxs tomonidan amalga oshiriladi.
48. Bo'lim yoki muassasalarda jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillari rahbar tomonidan tasdiqlangan jadvalga asosan qabul qilinadi.
Bo'lim yoki muassasalarda, zaruriyat bo'lganda, jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish uchun alohida xona ajratiladi.
Bo'lim yoki muassasalarda rahbari, uning o'rinbosarlari o'z ish o'rnida bo'lmagan vaqtlarda (kasalligi, xizmat safarida va h.k.) jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish boshqa vakolatli xodimlar tomonidan amalga oshiriladi.
49. Qabul qilish jadvallari va uni o'tkazish vaqti, joyi hamda qabulga oldindan yozilish tartibi to'g'risidagi axborot, shuningdek qabul qilish tartibi bo'lim yoki muassasalaning rasmiy veb-saytida e'lon qilish, shuningdek ularning ma'muriy binosida hamma kirishi mumkin bo'lgan joylardagi stendlarga yoki boshqa texnik vositalarga joylashtirish orqali manfaatdor shaxslar e'tiboriga etkaziladi.
Jismoniy shaxs og'zaki murojaat etayotganda o'z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni, yuridik shaxsning vakili esa o'z vakolatlarini tasdiqlaydigan hujjatni, shuningdek o'z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko'rsatishi kerak.
50. Murojaatlar bilan ishlash bo'yicha bo'linma (rahbar yordamchisi, kotib(a)lar)qabulga kelgan jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilishni, shuningdek jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish bilan bog'liq ishlarni tashkil etadi.
51. Bo'lim yoki muassasalarda jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish murojaatlar bilan ishlash bo'yicha bo'linma yoki tegishli tarkibiy bo'linma xodimlari ishtirokida amalga oshiriladi.
52. Jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qiluvchi rahbar yoki vakolatli shaxsning ko'rsatmasi bo'yicha bo'lim yoki muassasaning boshqa xodimlari ham qabul qilish jarayoniga jalb etilishi mumkin.
53. Agar jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini shaxsan qabul qilish paytida murojaatda bayon qilingan masalalarni hal etish bo'lim yoki muassasaning vakolatiga kirmasligi aniqlangan taqdirda, ularga murojaatda bayon qilingan masalalarni hal etish uchun qaysi organga yoki tashkilotga murojaat qilish kerakligi tushuntiriladi. Bunda jismoniy shaxslar va yuridik shaxslar vakillarining talabi bilan bu haqda yozma shaklda javob beriladi.
54. Bo'lim yoki muassasalarrahbari yoxud boshqa vakolatli shaxslari tomonidan sayyor shaxsiy qabullar tashkil etilishi mumkin.
55. Sayyor shaxsiy qabullar vaqtida murojaatlar bilan ishlash bo'yicha bo'linmaning rahbari va bo'lim yoki muassasaning boshqa mas'ul xodimlari ishtirok etishi mumkin.
56. Sayyor shaxsiy qabullar bo'lim yoki muassasa rahbari tomonidan tasdiqlanadigan jadvalga muvofiq o'tkaziladi.
Zarur hollarda jadvalda nazarda tutilmagan sayyor shaxsiy qabullar o'tkazilishi mumkin.
57. Sayyor shaxsiy qabullarni o'tkazish vaqti, joyi hamda qabulga oldindan yozilish tartibi to'g'risidagi axborot ushbu Nizomning 49-bandida belgilangan tartibda manfaatdor shaxslar e'tiboriga etkaziladi, shuningdek mahalliy ommaviy axborot vositalarida e'lon qilinadi.
58. Jismoniy shaxslar va yuridik shaxslar vakillarining sayyor shaxsiy qabullar vaqtida berilgan og'zaki murojaatlari ushbu Nizomning 16-bandiga muvofiqrasmiylashtiriladi va ro'yxatga olinadi hamda belgilangan tartibda ko'rib chiqiladi.

6-bob.Murojaatlarni ko'rib chiqishda jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari hamda muassasa va tashkilotlarning majburiyatlari
59. Murojaat bo'lim yoki muassasalartomonidan ko'rib chiqilayotganda jismoniy va yuridik shaxs murojaat ko'rib chiqilishining borishi haqida axborot olish, shaxsan vajlarini bayon etish va tushuntirishlar berish, murojaatni tekshirish materiallari hamda uni ko'rib chiqish natijalari bilan tanishish, qo'shimcha materiallar taqdim etish yoki ularni boshqa organlardan so'rab olish to'g'risida iltimos qilish, advokat yordamidan foydalanish huquqiga ega.
Jismoniy va yuridik shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq murojaatlarni ko'rib chiqishda boshqa huquqlardan ham foydalanadilar.
60. Bo'lim yoki muassasalarning murojaatni ko'rib chiquvchi mansabdor shaxslari yoki boshqa vakolatli shaxslari:
jismoniy va yuridik shaxsga ularning huquqlariga, erkinliklariga hamda qonuniy manfaatlariga daћldor hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan, agar ularda davlat sirlarini yoki qonun bilan qo'riqlanadigan boshqa sirlarni tashkil etuvchi ma'lumotlar mavjud bo'lmasa, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlariga, erkinliklariga hamda qonuniy manfaatlariga, jamiyat va davlat manfaatlariga zarar etkazmasa, tanishib chiqish imkoniyatini ta'minlashi;
murojaatni ko'rib chiqish natijalari yuzasidan qabul qilingan qarorning ijrosini nazorat qilishi, shuningdek agar jismoniy yoki yuridik shaxsga uning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari buzilishi natijasida moddiy zarar yoki ma'naviy ziyon etkazilgan bo'lsa, qonunda belgilangan tartibda moddiy zararning o'rnini qoplash yoki ma'naviy ziyonni kompensasiya qilish bo'yicha chora-tadbirlar ko'rishi;
murojaat etuvchiga ko'rib chiqish natijalari hamda qabul qilingan qaror haqida murojaat ko'rib chiqilganidan so'ng zudlik bilan yozma yoxud elektron shaklda xabar qilishi shart.
Murojaat yuzasidan qaror qabul qilgan bo'lim yoki muassasalarning mansabdor yoki boshqa vakolatli shaxsi, agar jismoniy yoki yuridik shaxs qarorga rozi bo'lmasa, uning yuzasidan shikoyat berish tartibini tushuntirish shart.
 
7-bob.Murojaatlar ko'rib chiqilishini nazorat qilish. Murojaatlarni umumlashtirish va tahlil qilish
61. Murojaatlar bilan ishlash bo'yicha bo'linma tarkibiy bo'linmalar (quyi organlar) tomonidan murojaatlar ko'rib chiqilishini doimiy nazorat qiladi va uning monitoringini olib boradi, ularning o'z vaqtida va zarur tarzda ko'rib chiqilishini ta'minlash chora-tadbirlarini ko'radi.
Murojaatlar bilan ishlash bo'yicha bo'linma murojaatlarni ko'rib chiqish muddatlari va tartibi tarkibiy bo'linmalar tomonidan buzilishi to'g'risida bo'lim yoki muassasa rahbarini darhol xabardor qiladi.
Murojaatlar bilan ishlash bo'yicha bo'linma monitoring natijalari bo'yicha har oyda bo'lim yoki muassasalar rahbariga murojaatlar ko'rib chiqilishining holati to'g'risidagi axborotni, zaruriyat bo'lganda, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, murojaatlar to'g'risidagi qonun hujjatlari buzilishiga yo'l qo'ygan bo'lim yoki muassasa xodimlariga nisbatan javobgarlik choralarini ko'rish yuzasidan tegishli takliflar bilan birgalikda taqdim etadi.
62. Bo'lim yoki muassasalar jismoniy yoki yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari, shuningdek jamiyat va davlatning manfaatlari buzilishini keltirib chiqaruvchi sabablarini aniqlash va bartaraf etish maqsadida har chorakda murojaatlarni umumlashtirish va tahlil qilishni ta'minlaydi.
Tahlil natijalari bo'yicha murojaatlar bilan ishlash bo'yicha bo'linma yoki tarkibiy bo'linma bo'lim yoki muassasa rahbariga bo'lim yoki muassasalarda murojaatlarni ko'rib chiqishning qonuniyligini ta'minlash va samaradorligini oshirish, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari, shuningdek jamiyat va davlatning manfaatlari buzilishini keltirib chiqaruvchi sabablarni bartaraf etish, qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritadi.

8-bob.Murojaatlarni ko'rib chiqish muddatlari va tartibi buzilganligi uchun javobgarlik
63. Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qabul qilish va ko'rib chiqishni qonunga xilof ravishda rad etish, ularni ko'rib chiqish muddatlarini uzrli sabablarsiz buzish, yozma yoxud elektron shaklda javob yubormaslik, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to'g'risidagi qonun hujjatlariga zid qaror qabul qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari tiklanishini, murojaat munosabati bilan qabul qilingan qarorning bajarilishini ta'minlamaganlik, jismoniy shaxslarning shaxsiy hayoti to'g'risidagi yoxud yuridik shaxslarning faoliyati to'g'risidagi ma'lumotlarni ularning roziligisiz oshkor etish, jismoniy va yuridik shaxsni murojaat qilganligi munosabati bilan yoxud bildirilgan fikri va murojaatidagi tanqid uchun ta'qib qilish, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to'g'risidagiqonun hujjatlarini boshqacha tarzda buzish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo'ladi.
64. Qonun va ushbu Nizom talablariga rioya etishni ta'minlash uchun javobgarlik bo'lim yoki muassasalar rahbarlariga va ularning o'rinbosarlariga, murojaatlar bilan ishlash bo'yicha bo'linmalar va tegishli tarkibiy bo'linmalar rahbarlariga yuklanadi.
скачать софт
Качественные шаблоны для dle скачать бесплатно, а также вы сможете посмотреть кино онлайн в HD качестве и прочитать для себя новые кулинарные рецепты.

Bizning manzil

Navoiy viloyati, Navbahor tumani, Beshrabod qo'rg'oni.
Pochta indeksi: 210200
Ish vaqti: 09:00 - 18:00
Tushlik vaqti: 13:00 - 14:00
Dam olish kunlari: Shanba, Yakshanba.
Fuqarolar qabuli: 10:00 - 17:00
Biz bilan bog'lanish

Aloqa raqami: (0436) 562-11-50
Faks: (0436) 562-12-73
Ishonch raqami: (0436) 562-12-73
E-mail: navbaxor_txtb@xtv.uz
Veb saytga ma'sul: A.Azamov
Murojaat tartibi
Murojaat yuborish
Obuna bo'lish

Veb-sayt so'nggi yangiliklaridan xabardor bo'lish uchun quyidagi ko'rsatilgan qatorga amaldagi elektron manzilingizni kiriting.
Ma'lumotnoma

Diqqat! Agar siz saytda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab Ctrl+Enter tugmalarini bosing.

Veb sayt ishlanmasi:
GADAEV YIGITALI NURALIEVICH